O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi BMTning O‘zbekistondagi tarkibiy tuzilmalari bilan birgalikda joriy yil 10-24 iyun kunlari «Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi!» shiori ostida Barqaror rivojlanish haftaligini o‘tkazadi.
Haftalik doirasida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitalari tomonidan qator «davra suhbat»lari tashkil etiladi.
Tadbir 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik» xalqaro forumi bilan yakunlanadi.
Ushbu forum Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga, o‘zaro tajriba almashishga, shuningdek, yangi g‘oyalar va tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan.
Xalqaro forumning asosiy tematik yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- Barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini ta’minlashda parlamentning roli;
- Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish;
- Barqaror rivojlanish maqsadlarining statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirish;
- Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikning ishtiroki;
- Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishida parlament nazorati, monitoring va baholashning ahamiyati;
- Barqaror rivojlanish yo‘lida dunyo parlamentlari o‘rtasida xalqaro muloqot va global hamkorlikni rivojlantirish.
Xalqaro forum onlayn va oflayn shakllarda uyushtiriladi.
Tashkiliy qo‘mita olimlar va mutaxassislarni ushbu anjumanda ma’ruzachi va tinglovchi sifatida ishtirok etishga, shuningdek, forum yakuni bo‘yicha tayyorlanadigan materiallar to‘plamida nashr etish uchun maqolalar yuborishga taklif qiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun telefon: ( 998 71) 238-28-68