Joriy yil 24- yanvar kuni Statistika agentligida BMT va ESKATO boshchiligidagi Tojikiston va Mo‘g‘iliston delegatsiyasi uchun O‘zbekiston Respublikasida Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida Statistika agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot uchrashuvi tashkil etildi.
Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlatlar o‘rtasida 2030- yilgacha Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarga erishish borasidagi Ihtiyoriy milliy hisobotni tayyorlash (Twinning) dasturi bo‘yicha Mo‘g‘iliston va Tojikiston vakillari bilan o‘zaro tajriba almashish va malaka oshirish hisoblanadi.
Tadbir davomida Agentlik markaziy apparati boshqarma boshliqlari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi doirasida olib borilayotgan ishlar, statistika sohasidagi islohotlar, ochiq ma’lumotlar portali va milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida taqdimot namoyish etildi.
Shuningdek, ushbu sohada Mo‘g‘iliston va Tojikistonda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham ma’lumot berildi. Uchrashuv interaktiv usulda, savol-javob ko‘rinishida davom etdi.
Bunday uchrashuvlar shu yilning 27-yanvarga qadar respublikaning turli vazirlik va idoralarida davom etadi.