Oliy Majlis Senati Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Kadirxanova “Barqaror rivojlanish yo‘li: innovatsiyalar va kambag‘allikni qisqartirish uchun hamkorlik” mavzusida Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Senator o‘z chiqishida O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirish sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, parlament nazoratining ahamiyati, ayollar va yoshlarning mehnat bozoriga samarali integratsiyasiga qaratilgan davlat dasturlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida fikr yuritdi.

Anjuman doirasida panel munozaralar, amaliy mashg‘ulotlar va mavzuga doir sessiyalarda zamonaviy innovatsion yondashuvlar muhokama qilinib, yoshlar bandligi, mintaqaviy rivojlanish, korporativ ijtimoiy masʼuliyat hamda taʼlim sohasidagi tashabbuslarning ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan kambag‘allikka qarshi kurashish, inson kapitalini rivojlantirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan “2030 yilgacha mo‘ljallangan yo‘l xaritasi” va konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilindi.