2024-yilning 17–18-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida MDH davlatlarining statistika xizmatlari mutaxassislarining Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun statistik maʼlumotlar boʻyicha yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlatlararo statistika qoʻmitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA), Federal Davlat statistika xizmati (Rosstat) va Yevroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi (EEK) bilan birgalikda tashkil qildi.
Yig‘ilishda MDH davlatlarining milliy statistika xizmatlari vakillari, Xalqaro tashkilotlar vakillari (UNFPA, YEIK, UNICEF, ESCAAP, MDH Ijroiya qoʻmitasi, MDH Statistika qoʻmitasi hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligidan Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Qirg‘izov Dilshodbek Erkinboevich, Barqaror rivojlanish va ijtimoiy soha statistikasi bo‘yicha yig‘ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Razaqova Ra’no Mo‘minjonovna va Tashqi va ichki savdo statistikasi bo‘yicha yig‘ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Salimov Nurbek Baxtiyorovich qatnashdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi, ushbu sohadagi eng yaxshi amaliyot va olingan saboqlar bo‘yicha tajriba almashish, milliy amaliyot va xalqaro tavsiyalarni uyg‘unlashtirish, ma’lumotlardagi “bo‘shliqlar”ni bartaraf etish, BRM ko‘rsatkichlarini monitoring qilish va vizuallashtirishni takomillashtirish, BRM monitoringi uchun statistika sohasida salohiyatni oshirish bo‘yicha ustuvor yoʻnalishlarini aniqlashdan iborat edi.
Uchrashuv MDH mamlakatlarining ushbu sohadagi olgan saboqlari va ilg‘or tajribasini o‘rganish va almashish, muammolarga innovatsion yechimlarni ishlab chiqish, kelgusida bajariladigan ishlar va bu boradagi statistik salohiyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi