“Maqsad” loyihasining navbatdagi sonida BMT “Kambag‘allikni qisqartirish” loyihasi rahbari bilan suhbatlashdik.

– Kambag‘allik tushunchasiga yagona ta’rifi yo‘q, – deydi BMT Taraqqiyot dasturi mutaxassisi Nargiza Hamidova. – Kambag‘allik, deganda ayrimlar insonda asosiy ehtiyojga erishish imkoni yo‘qligini tushunadi, kimdir tanlash erkinligi yetishmasligi yoki kuniga 1,90 dollardan kam pulga yashab kelayotgan fuqaroni misol qilib ko‘rsatadi. Jahon banki va tegishli xalqaro tashkilotlar ushbu tushunchani jamiyat hayotida inson ishtirokiga ta’sir qiluvchi ijtimoiy, ta’lim va sog‘liqni saqlash to‘siqlari tarmog‘i sifatida talqin etadi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari pirovardida O‘zbekiston 2030-yilga borib kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish, tengsizlikni kamaytirishdek ulkan maqsadlarni ko‘zlagan. BMT TD mutaxassisi hukumat bilan birga birinchi milliy ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi (MPI)ni yaratish va sinovdan o‘tkazish boshlanganini ma’lum qildi. Ushbu indeks kambag‘allikka qarshi kurashning murakkabligini tushunish va muammoni bartaraf qilish yo‘lidagi muhim qadamdir.

– “MPI” kambag‘allikning turli o‘lchovi bilan kurashishga nisbatan hukumatning harakatini aks ettiradi, – dedi loyiha rahbari. – Mazkur tashabbus mohiyatan shunchaki an’anaviy daromadga asoslangan chora-tadbir emas, balki sog‘liqni saqlash, ta’lim, yashash sharoiti kabi jihatlarni ham qamrab oladi. Bunday yondashuv kambag‘allikni yanada to‘liqroq tushunish imkonini beradi, maqsadli, samarali siyosat chorasini ishlab chiqish va amalga oshirishga yordam beradi.

Mamlakatimizda sohani rivojlantirish uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, aholining kam ta’minlangan qatlamini hisobga olish va manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha milliy model, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi va “Mahallada ijtimoiy xizmat” modeli orqali ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan.

BRMga erishishning asosiy omillaridan biri – moliyaviy strategiya mavjudligi. Integratsiyalashgan milliy moliya asosining bir qismi sifatida BMT TD milliy va xalqaro manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda milliy strategiya ishlab chiqdi. Nargiza Hamidova qayd etishicha, ushbu strategiya mamlakatimizda milliy rivojlanish ustuvorligi va BRMga erishish uchun davlat va xususiy moliyalashtirish oqimini boshqarishga kompleks yondashuvni ta’minlaydi.

Xullas, loyihamizning bu galgi soni xalqaro tajriba va xorijiy tuzilmalar dasturlarini o‘rganib, yurtimizda tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi. Video suhbatning to‘liq shaklini O‘zA YouTube tarmog‘ida tomosha qilishingiz mumkin.

“Maqsad”ning keyingi sonida “Oziq-ovqat xavfsizligi” sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va takliflar ko‘rib chiqiladi.