2023-yil 30-noyabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II Global forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov ishtirok etib, ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlari — bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining “uchta ustuni” — iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sohalarda vaziyatni har tomonlama yaxshilash orqali butun insoniyatning turmush farovonligini oshirishga, adolatli va barqaror jamiyat qurishga qaratilgan global chaqirig‘idir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblari «O‘zbekiston -2030» strategiyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la hamohangligini alohida ta’kidlagan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlarning katta rol o‘ynashini hisobga olib, milliy «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusini ilgari surdilar va o‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiya qabul qildi.
Qayd etish lozimki, joriy yilning 30-aprel kuni mamlakatimizda o‘tkazilgan umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari mustahkamlandi.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida biz Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy va huquqiy davlat qurishni asosiy vazifa etib belgiladik.
Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari ofisi tomonidan chop etilgan «Parlamentlar va Barqaror rivojlanish maqsadlari» nomli kitobda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda milliy parlamentlarning roli va ahamiyati batafsil ochib berilgan. Biz ushbu kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilib, deputatlar va senatorlarimizga tarqatdik.
Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bilan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarninr 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi samarali faoliyat yuritmoqda.
Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalari, komissiyalari va deputatlari o‘z faoliyatlarini Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bevosita bog‘liq holda olib bormoqdalar.
2020-yil va 2023-yilning 9 oyi davomida Qonunchilik palatasi tomonidan 300 dan ziyod qonun qabul qilingan bo‘lib, ular bevosita Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Hech shubhasiz, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish shunchaki siyosiy chaqiruv bo‘lmay, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinayotgan qonunlarda u o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tayyorlangan «Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyat rolini kuchaytirish va ishtirokini kengaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasi va «Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha Ikkinchi Global forumining kommyunike»si loyihalarini qizg‘in muhokama qilishga chaqiramiz va uning natijasida aniq takliflar bildirilishiga ishonaman.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida Global forumning o‘tkazilishi bu dunyo parlamentlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga sadoqatli ekanliklari, ular o‘z xalqlarining farovon yashashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga, parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildiradi.
Shu munosabat bilan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha ІІ Global forum ishiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.