Bugun, 21-noyabr kuni, Senatda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik bo‘yicha II global forumning tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Tashkiliy qo‘mita, Barqaror rivojlanish maqsadlarini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasi aʼzolari, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Maʼlumki, mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda, xalqaro maydonda ilg‘or tashabbuslar ilgari surilmoqda. Natijada, O‘zbekiston bu borada butun dunyoga namuna sifatida ko‘rsatilmoqda.

Ushbu ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilning noyabr oyida O‘zbekistonda ilk marotaba Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi tashkil etilmoqda. Ushbu oylik 30-noyabr kuni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II global forumni o‘tkazish bilan yakunlanadi.

Tadbirda 100 ga yaqin xorijiy parlament rahbarlari va vakillari, xalqaro parlamentlararo tashkilot rahbarlari, xalqaro tashkilot vakillari, xorijiy ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Yig‘ilish davomida II global forumga tayyorgarlik ishlarining joriy holati, tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, forum kun tartibi, uning mazmuni xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga masʼul vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorlik qilish algoritmlari belgilab olindi.

Majlisda forum yakuni bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent kommyunikesi hamda BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish to‘g‘risidagi”gi rezolyutsiyasi loyihasini puxta va mukammal ishlab chiqish, ushbu hujjatlar loyihalari yuzasidan barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va xorijiy ekspertlarning fikrini inobatga olish vazifalari belgilandi.