Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan Barqaror rivojlanish oyligi doirasida “Shaharlar va aholi yashash punktlarining xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini ta’minlash, sohada parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, taraqqiyotni belgilab beruvchi muhim hujjatlar va davlat dasturlarini ishlab chiqishda Barqaror rivojlanish maqsadlari(BRM) bilan uyg‘unlikni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining xalqaro huquq sohasidagi tashabbuslari asosida so‘nggi yillardagi BMT Bosh Assambleyasining 10 dan ortiq tegishli rezolyutsiyalari qabul qilindi. Xususan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekistonning takliflari asosida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya qabul qilindi.
Konferensiyada qayd etilganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlari o‘zaro chambarchas bog‘liq, bir-birini to‘ldiruvchi va mustahkamlovchi barqaror rivojlanishning “uchta ustuni” — iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
BRMning 11-maqsadida shaharlar va aholi yashash punktlarining ochiqligi, xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash masalalari belgilangan. Bugungi kunda mazkur maqsad doirasida shaharlar va aholi yashash punktlarida barcha uchun turar-joy va uy-joy kommunal xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, yo‘l-harakati xavfsizligini oshirish, xususan, jamoat transportidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, shaharlar ekologiyasining aholiga salbiy ta’sirini kamaytirish, yashil hududlar, istirohat bog‘lari, bolalar uchun o‘yin maydonchalari maydonini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
So‘nggi olti yilda mamlakatimizda qurilish sur’ati aholi soni ko‘payishini inobatga olgan holda o‘sishga erishdi. Xususan, 300 mingga yaqin xonadon va shaxsiy turar-joy binolari qurildi, bu mustaqillikning oldingi yillariga nisbatan 10 barobar ko‘pdir. O‘zbekistonda shahar aholisi 18 mln. dan ortib, umumiy aholining 51 foizini tashkil etmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy jadal rivojlanish, aholi sonining, shuningdek transport vositalarining ortishi shaharlarni atrof tibiiy muhitga antropogen ta’sir sonasiga aylantirmoqda.
Ma’ruzachilar tomonidan aytib o‘tilganidek, mamlakatimizda atrof muhit, xususan, atmosfera havosi tabiiy omillar (quruq iqlim, qum) hamda antropogen omillar (transport, sanoat, chiqindilar, qurilish) ta’sirida ifloslanmoqda. Shaharlarda havoning ifloslanishiga eng katta hissa avtomobillar va boshqa transport vositalaridan chiqadigan chiqindi gazlari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 700 mingdan oshgan. Bundan tashqari, poytaxtga har kuni qo‘shni shahar va viloyatlardan 150 mingga yaqin avtomobil kirib keladi. Natijada Toshkent shahrida avtomobillardan atmosferaga zararli moddalar chiqarilishi umumiy ko‘rsatkichning 93 foizini (403 ming tonnani), respublika bo‘yicha esa 58 foizini tashkil etadi (1,4 mln. tonna).
Deputatlar fikricha, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan butun mamlakat miqyosida 200 mln. tup daraxt ekishni nazarda tutgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga tatbiq etilishi, mazkur ekologik muammolarni bartaraf etilishida dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya davomida mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan ekologik xavfsizlikni ta’minlash, qulay va ekologik barqaror transport vositalaridan foydalanish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratgan holda jamoat transportidan foydalanishni kengaytirish, madaniy va tabiiy meros obyektlarini muhofaza qilish va asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Xalqaro konferensiya yakunida tegishli taklif va tavsiyalar qabul qilindi.