Joriy yilning 13-noyabr kuni Oliy Majlis palatalari qo‘mitalari, BMTning O‘zbekistondagi agentliklari hamkorligida O‘zbekistonda 5-Barqaror rivojlanish maqsadi doirasida “Gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda mahalliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengash deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi, gender tenglikni ta’minlash, BRMga erishishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilikning sa’y-harakatlari va imkoniyatlarini birlashtirish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Ta’kilanganidek, davlat tuzilmalarida xizmat qilish uchun ijtimoiy, siyosiy faol ayollardan kadrlar zaxirasi shakllantirilgan. Xususan, Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha alohida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv kurslari tashkil etilib, har yili 100 nafar faol xotin-qiz o‘qitilyapti.
Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turli sohalarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish, rag‘batlantirish borasida maxsus davlat mukofoti (Zulfiya nomidagi davlat mukofoti) ta’sis etilgan bo‘lib, mazkur mukofot bilan shu kunga qadar 424 nafar xotin-qiz taqdirlangan.
Har bir hududda tuzilgan Xotin-qizlar tadbirkorligi markazlari ko‘magida tadbirkor xotin-qizlar soni ortib bormoqda. Ular uchun hukumat maxsus jamg‘armasida va tijorat banklarida imtiyozli kredit liniyalari ochilgan bo‘lib, oxirgi 2,5 yil mobaynida 496 mingdan ziyod xotin-qizga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 9,7 trln so‘m kredit ajratilgan.
909 ta mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari barpo etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda 11 ming nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirokida “Mening kashfiyotlarim Vatanim taraqqiyoti uchun xizmat qiladi”, “Yurt taraqqiyotiga mening hissam”, “Olim sifatida mening vazifam va jamoatchilik xabardorligini oshirishga hissa qo‘shish” mavzularida 437 ta fleshmob va chellenj tashkil etilgan.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini kuchaytirish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar mazkur yo‘nalishlarda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar samaradorligiga ahamiyat berib, kelgusidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha amaliy fikr va takliflarini bildirdilar.