Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi hamkorligida Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida 7-maqsad etib belgilangan “Arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy energiya manbalaridan barcha uchun umumiy foydalanish imkoniyatini ta’minlash” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda BRM sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijro etilishiga alohida e’tibor qaratilib, bu bo‘yicha aholining xabardorlik darajasini oshirish, rivojlanish natijalariga erishishda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, mazkur maqsadlarni “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayniqsa, jahon energetika muvozanatida qayta tiklanuvchan manbalardan olinadigan energiya ulushini ko‘paytirish, energiya samaradorligini yaxshilash, bu boradagi infratuzilmani kengaytirish va texnologiyalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Olib borilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda arzon, ishonchli va zamonaviy energiya ta’minotidan umumiy foydalanishga zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Shuningdek, energiyadan oqilona foydalanish bo‘yicha ham ko‘zlangan maqsadlarga erishilyapti. Xususan, sanoat korxonalari faoliyatini tungi vaqtga o‘tkazish, tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, reaktiv kompensatsiya qurilmalarini o‘rnatish, ko‘mirga o‘tkazish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida bugunga qadar 2,4 mlrd kVt.soat elektr energiyasi va 389 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilingan.
Kelgusida yana bir qator muhim vazifalarni belgilash ham ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, 2030 yilga kelib, energiya sig‘imliligini 1,5 marta kamaytirish, issiqxona gazlarining ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish, shu bilan birga, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatini yaratish belgilangan.
Davra suhbatida davlatimiz rahbari tomonidan yoqilg‘i-energetika sohasi rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu, pirovardida, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning sanoat salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, aholi farovonligi va turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Yana bir muhim masala — qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilayotganiga urg‘u berildi. Joriy yilda bu bo‘yicha bir qator muhim loyihalar ro‘yobga chiqarilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, yil oxirigacha umumiy quvvati 2 817 MVt bo‘lgan 8 ta loyiha bo‘yicha dastlabki 1 517 MVt quvvatlar ishga tushiriladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha jami 16 ta umumiy quvvati 6 850 MVt bo‘lgan loyihalarni jadallashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Davra suhbati ishtirokchilari respublikamizda yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, energetika balansidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish hamda ushbu yo‘nalishni tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha mavjud normativ-huquqiy baza takomillashtirilib borilayotganiga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, sohadagi islohotlar e’tirof etilib, yechimini kutayotgan ayrim muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli takliflar bildirildi.
Tadbirda muhokama etilgan masala yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.