O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish modelini hayotga tatbiq etish orqali tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. World Poverty Clock maʼlumotlariga ko‘ra, kambag‘allikning xalqaro chegarasidan pastda yashayotgan mamlakat aholisining ulushi 2019-2021-yillarda kuniga 3,2 AQSH dollari mezoni bo‘yicha 26,3 foizdan 25 foizga, shuningdek kuniga 1,9 AQSH dollari mezon bo‘yicha esa 11 foizdan 9 foizga kamaygan.

Maʼlumki, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 1-maqsadi barcha joylarda aholining kam taʼminlanganlik darajasini pasaytirish hisoblanadi.

2023-yilning 7-noyabr kuni Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi hamda Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda   “O‘zbekistonda kam taʼminlanganlikni kamaytirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda milliy modelni amalga oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, aholining kam taʼminlangan qatlamlarini hisobga olish va manzilli qo‘llab-quvvatlashning yangi milliy modeli amalga oshirildi, “Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri” axborot tizimi va “Mahallada ijtimoiy xizmat” moduli orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etildi.

Kam taʼminlangan oilalarda yashovchi ishsizlarni o‘qitish, kasbga tayyorlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish orqali ishga joylashtirish va aholini kasb-hunarga o‘rgatish tizimi yaratildi.

Shu bilan birga qabul qiluvchi mamlakatlarda bugungi kunda talab bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklarga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni oldindan o‘qitgan holda tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini amalga oshirish, bu mehnat migrantlari oilalarining daromadlarini ko‘paytirishga va qishloq joylarda kambag‘allikni kamaytirishga ko‘mak bo‘lib kelmoqda.

Bundan tashqari ayniqsa, kam taʼminlangan aholini shinam uy-joy bilan taʼminlash darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Har bir mahallada ishsiz deb topilgan, ishlash yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlar va yoshlar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, turli kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish kurslari xarajatlarining 70 foizini davlat tomonidan qoplash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

 “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”da ro‘yxatga olingan aholi uchun trening va mashg‘ulotlar mutlaqo bepul. O‘quv kurslarini tamomlagan fuqarolarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan amaliy yordam ko‘rsatish tizimi joriy qilindi.

Tomorqasi bo‘lgan tadbirkorlarga 300 milliard so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi. Oxirgi 3 yilda 91,8 mingta ko‘p bolali, mehnatga layoqatsiz nogiron, bolalikdan nogiron bo‘lgan yolg‘iz keksalar bo‘lgan oilalar turar joy bilan taʼminlanib, yashash sharoitlari yaxshilandi.

Davra suhbatida aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish borasida vazifalar va takliflarni mutasaddi tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirish imkoniyati yaratildi. Tadbir yakunida kam taʼminlanganlikni kamaytirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.