Keyingi yillarda yurtimizda barqaror rivojlanish sohasida milliy maqsad va vazifalarga erishish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadlarining barchasi bizning milliy maqsadlarimizga hamohangligi bilan ahamiyatlidir. E'tiborli jihati shundaki, bu masalada O'zbekiston parlamentining ham alohida o'rni bor. Chunki har bir sohani uning Qonunchilik asoslarini takomillashtirmasdan turib rivojlantirib bo'lmaydi. Shu bois, bu bo'yicha parlament tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ta'kidlash joiz, barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish va tizimli ishlarni tashkil etish bo'yicha makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish, 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasida milliy maqsad va vazifalarga erishilishini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining "2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatda 2030 yilgacha mamlakatda kambag'allik darajasini ikki barobarga qisqartirish, ijtimoiy himoya qilish xizmatlari sifatini oshirish borasida muhtojlarni to'liq qamrab olish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq xo'jaligining barqaror rivojlanishiga ko'maklashish hamda sog'lom turmush tarzini ta'minlash vazifalari belgilandi. Shuningdek, umumqamrovli va sifatli ta'limni ta'minlash va barchaga ta'lim olish imkoniyatini rag'batlantirish, suv resurslari va sanitariyaning mavjudligi va ulardan oqilona foydalanishni ta'minlash masalalari ham o'z aksini topdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan har bir vazifalar tahlili shuni ko'rsatadiki, ularni hal etishda jamiyatimizdagi barcha institutlarning sa'y-xarakatlarini safarbar etish talab etiladi, fuqarolik jamiyati vakillarining ishtiroki ham muhim o'rin tutadi. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash O'zbekistondagi islohotlarda eng muhim o'rin tutadi. Shu ma'noda, BMTning 2030 yilgacha mo'ljallangan barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda "hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik" tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligi yo'lga qo'yilib, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlari o'tkazib kelmnmoqda.

2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibining barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha tashkil etilgan ishlarni tahlil etish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo'mitalarida vazirliklar tomonidan berilgan axborotlar tahlil qilib kelinmoqda.

Jumladan, joriy yilning barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarga erishilishini ta'minlash doirasida demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasida ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo'mitasida suv xo'jaligi vazirligining tegishli axborotlari eshitildi.

Albatta, kelgusida barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarning to'liq amalga oshirilishi jamiyatning rivojlanishiga, halq farovonligini oshirishga hamda O'zbekistonning halqaro nufuzi yuksalishiga xizmat qiladi.

 

Tursunoy Muratova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati