Joriy yilning 15 iyun kuni “Quruqlikdagi ekotizimni himoya qilish va tiklash, o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, biologik xilma-xillik yo‘qolishi jarayonini tugatish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Barqaror rivojlanish sohasidagi 15-maqsad etib belgilangan Quruqlik ekotizimlarini himoyalash va tiklash, ulardan oqilona foydalanishga ko‘maklashish, o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning yemirilishini to‘xtatish va ortga qaytarish, bioxilma-xillikning yo‘qolib ketishi jarayonini to‘xtatish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamada Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi rahbarlarining milliy maqsadlar va vazifalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalari eshitildi.

Ushbu 15-maqsadda jami 10 ta vazifalar belgilangan bo‘lib, birinchi vazifada xalqaro bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq, yer usti va ichki chuchuk suvli ekotizimlar, jumladan o‘rmonlar, suvli-botqoqli hududlar, tog‘lar va qurg‘oqchil yerlarni saqlash, tiklash va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash nazarda tutilgan.

Bu borada O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda 501 ming gektar 2020 yilda 728 ming gektar maydonlarda o‘rmonlar barpo etilgan.

Shuningdek, o‘rmon fondining tog‘ va tog‘oldi lalmi yerlarida 2019 yilda 9,6 ming va 2020 yilda 10 ming gektar maydonlarda pista, bodom, yong‘oq plantatsiyalari tashkil etilib, yerlardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birgalikda 15-maqsadning ikkinchi vazifasida o‘rmonlarning barcha turlaridan oqilona foydalanish usullarini joriy etishga ko‘maklashish, o‘rmonlarning yo‘qolib ketishini to‘xtatish, yemirilgan o‘rmonlarni tiklash hamda o‘rmonzorlar va o‘rmonlarni tiklash ko‘lamini jiddiy ravishda ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi 2030 yilgacha jami 500 ming gektar maydonlarda o‘rmonlar barpo etishi majburiyati olingan bo‘lsada, darhaqiqat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan 2018-2021 yillarda  2,1 mln. gektardan ortiq maydonda o‘rmon landshaftlarini tiklash bo‘yicha ishlar olib borilgan.  Shuningdek, ushbu davr davomida Orol dengizining qurigan tubida jami 1660 gektar maydonlarda o‘rmonlar barpo etilgan.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.