2021-yil 14-iyun kuni “Shaharlar va aholi yashash punktlarining ochiqligi, xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Senatining a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, xorijiy va mahalliy ekspertlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida barqaror rivojlanish sohasidagi 11-maqsad etib belgilangan masala muhokama qilindi. Xususan, Qurilish, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutasaddilarining milliy maqsadlar va vazifalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotlari eshitildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan viloyat markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida atrof-muhitga ta’sir xavfi yuqori bo‘lgan 685 ta korxona va tashkilotlarning atmosfera havosiga, suv muhitiga hamda yerlarning ifloslantirilishi bo‘yicha monitoring kuzatuvlari olib borilmoqda.

Tahlil natijalariga ko‘ra, joriy yilning I choragida 403 ta korxonalarda monitoring o‘tkazildi. O‘rganish natijasida ba’zi ob'yektlarda tabiiy muhitni ruxsat etilgan me’yordan ortiq ifloslantirish holatlari aniqlanib, bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Shuningdek, 2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasidagi yirik sanoat korxonalarida chang-gazlarni tutib qolish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unda 53 ta korxonadagi 294 ta chang-gaz tozalash uskunalarini ta’mirlash hamda atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarni kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanganidek, 2021-2025 yillarda respublika, viloyat va tuman ahamiyatiga ega bo‘lgan 32 ta oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruktsiya qilish rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda Jizzax, Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarining kanalizatsiya tizimini rekonstruktsiya qilish ishlari boshlangan. Shuningdek, Xorazm, Namangan va Qashqadaryo viloyati markazlarining tozalash inshootlari bo‘yicha loyihalash, texnik iqtisodiy asoslar ishlab chiqilmoqda.

Davra suhbatida shaharlar va aholi yashash punktlarining ochiqligi, xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.