2021-yil 10-iyun kuni mamlakatimizda boshlangan Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi doirasida “Ta’lim sifatini yanada oshirish va butun umr davomida ta’lim olish tizimini takomillashtirish”  mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, YUNESKO, YUNISEF va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi O.Iminov so‘zga chiqib, BMT tomonidan har biri aniq va manzilli vazifalarni o‘z ichiga olgan “2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari” qabul qilingani va uning Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”dagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan birida belgilangan, ta’lim sifatini oshirish yo‘nalishida maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, oliy ta’lim hamda ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi qabul qilinganligini qayd etdi.

Maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlari amalga oshirib kelinayotgani natijasida 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovi 2017-yilga (27,7 foiz) nisbatan ikki baravarga oshib, 2020-yil yakunida 60,2 foizga yetgan. Ta’lim dasturlari uzluksizligini ta’minlash maqsadida Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqilmoqda.

Respublikada oliy ta’lim muassasalariga bitiruvchilarning qamrov darajasi ham o‘tgan yillarda sezilarli darajada oshgan. 2016-yilda oliy ta’limning baklavriat bosqichiga qabul kvotasi 58 022 tani tashkil etib, 645 ming nafar bitiruvchi soniga nisbatan 9 foizni, 2020 --yilda bakalavriatga 148 114 ta kvota berilib, 597 ming nafar bitiruvchilar soniga nisbatan 25 foizni tashkil etgan.

Tadbirda O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish, ta’lim olishning hayot davomida davomiyligini ta’minlash, ishga joylashish, munosib ishga ega bo‘lish va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun mehnat bozorida talab katta bo‘lgan ko‘nikmalarga, shu jumladan, kasbiy-texnik ko‘nikmalarga ega yoshlar va kattalar sonini ko‘paytirish, ta’lim muassasalari sharoitlarini imkoniyati cheklangan bolalarning manfaatlarini hisobga oladigan darajada yaxshilash va boshqa mavzular bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.