2021-yil 10-iyun kuni mamlakatimizda boshlangan Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi doirasida “O‘zbekistonda kam ta’minlanganlikni qisqartirishdagi dolzarb vazifalari: muammolar va ularni hal qilish yo‘llari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi E.Gadoyev, BMT tomonidan har biri aniq va manzilli vazifalarni o‘z ichiga olgan “2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari” qabul qilingani va uning Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”dagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan birida belgilangan, aholi bandligini ta’minlash va real daromadlarini, xarid qobiliyatini oshirish, kam ta’minlangan oilalar sonini va aholining daromadlari bo‘yicha farqlanish darajasini yanada kamaytirish orqali - kambag‘allikni qisqartirish maqsadlariga hamohangligini qayd etib o‘tdi.
Maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlari amalga oshirib kelinayotgani natijasida kambag‘allik bugun 12,8 foizdan 11,4 foizga qisqargan.
Birgina, pandemiya sharoitida aholining muhtoj qatlamini moddiy, nomoddiy qo‘llab-quvvatlashni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida vazirlik va idoralar hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari bilan ehtiyojmand oilalar ro‘yxatlari shakllantirilib Barqaror rivojlanish maqsadlari va uning bosh maqsadi kambag‘allikni qisqartirishdagi dolzarb vazifalarni ta’minlash bo‘yicha faol ish olib borilayotganini ta’kidlandi.
Tadbirda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, aholining kam ta’minlanganligiga barham berish bo‘yicha dasturlar va strategiyalarni amalga oshirish uchun resurslarni safarbar etish holati va istiqbollari, ularni ijtimoiy himoya qilish tizimi manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy himoya xizmatlari sifatini oshirish va boshqa mavzular bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.