Joriy yilning 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida o‘tkaziladigan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi yuzasidan brifing o‘tkazildi.

2015-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalarga oid 17 ta global maqsad va 169 ta vazifadan iborat 2030-yilga qadar barqaror rivojlanishning o‘ziga xos harakatlar rejasi tasdiqlangan.

Barqaror rivojlanish maqsadlari inson hayoti, yashash tarzi va turmush darajasini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Barqaror rivojlanish maqsadlarini O‘zbekistonda amalga oshirish davri mamlakatda 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asosida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga mos keladi.

Harakatlar strategiyasining 5 ta yo‘nalishi global maqsadlar bilan hamohangligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilgan. Bu borada mamlakatimiz har doim xalqaro huquqning umume’tirof etilgan printsiplari va normalariga o‘zining sodiqligini namoyon etib kelgan.

O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ham o‘zining qat’iy tarafdor ekanligini bir necha marotaba ma’lum qilgan. Eng asosiysi, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida muhim tashabbuslarni ilgari surgan.

2018-yilda Vazirlar Mahkamasining «2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

17 ta global maqsadlarning 16 tasi qabul qilingan. 2018-yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha 125 ta indikator, ya’ni maqsadli ko‘rsatkichlarni qabul qilgan bo‘lsak, bugunga kelib, ularning soni 200 dan ortdi.

Parlament tomonidan har bitta vazifa va indikatorlar alohida nazoratga olinib, Parlament komissiyasining majlislarida ushbu maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha erishilgan natijalar muhokama qilib borilmoqda.

O‘tgan yili davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zladi. Prezidentimiz ilk marotaba mana shunday yuqori minbarda turib, davlat tilida nutq so‘zladi va xalqaro hamjamiyat oldiga tezkorlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan muhim masalalarni, takliflarni va tashabbuslarni ilgari surdi.

Prezidentimizning shu va boshqa tashabbuslari parlament, hukumat, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspert-olimlar, biznes hamda OAV vakillari tomonidan keng muhokama qilindi. Muhokamalardan so‘ng, Oliy Majlis palatalari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik mavzusida xalqaro forum o‘tkazish taklifi bildirildi. Bu taklif qo‘llab-quvvatlandi va 2021-yil davlat dasturida o‘z aksini topdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda bevosita butun dunyo mamlakatlari parlamentlari sa’y-harakatini birlashtirish va hamkorlik aloqalarini muvofiqlashtirishga qaratilgan bu darajadagi juda katta tadbir hali birorta mamlakatda o‘tkazilmagan.

Birinchi bo‘lib O‘zbekiston ushbu tashabbus bilan chiqdi. Barcha parlamentlar O‘zbekistonning ushbu tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida juda ko‘plab ishlar qilindi, tashkiliy-huquqiy asoslar mustahkamlandi.

Bu borada Hukumat tomonidan olib borilayotgan barcha ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Hukumat tomonidan olib borilayotgan ishlar ustidan parlament nazoratini ta’minlash maqsadida ikki palata rahbarligida Parlament komissiyasi tuzildi.

Mamlakatimizda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida olib borilayotgan islohotlar xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan ham baholanib kelinmoqda. Xususan, Germaniyaning Bertelsman jamg‘armasi tomonidan olib boriladigan Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingida 193 ta mamlakat orasida O‘zbekiston 66-o‘rinni egallagan.

- Umuman olganda, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida erishgan yutuqlarimiz juda ko‘p. Endi bularning barchasini dunyo hamjamiyatiga ko‘rsatishimiz, xalqaro maydondagi o‘rnimizni mustahkamlashimiz zarur. Albatta, erishgan yutuqlarimiz bilan birga tezkorlik bilan hamda istiqbolda hal qilishimiz kerak bo‘lgan muhim masalalar ham bor. Shu maqsadda 10-iyundan 20-iyungacha Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi o‘tkaziladi, - dedi senator Narimon Umarov.

Haftalik doirasida turkum davra suhbatlari o‘tkazilib, ularda O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan har bitta maqsad, ya’ni 16 ta maqsad, shu jumladan, 125 ta vazifa bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, mavjud muammolar muhokama qilinadi.

Ushbu haftalik har bitta maqsad va vazifalar bo‘yicha oldimizda turgan muhim masalalarni muhokama qilish, mavjud muammolarni tanqidiy ko‘rib chiqish, va eng asosiysi, tezkor va istiqbolda hal etilishi lozim bo‘lgan muhim masalalar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda yaxshi muloqot maydoni bo‘ladi.

Ushbu haftalik 23-24-iyun kunlari Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik mavzusida xalqaro forum o‘tkazish bilan yakunlanadi.

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi ushbu forumda ishtirok etishga juda katta ishtiyoq bildirib, mamlakatimizga ilk marotaba tashrif buyurmoqda. Bularning barchasi xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarga bo‘lgan qiziqishini orttirmoqda.

Umuman olganda, barqaror rivojlanish sohasida mamlakatimizda erishilgan yutuqlar hamda tashabbuslar dunyo hamjamiyati bilan muhokama qilinib, targ‘ib etiladi va shu orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji mustahkamlanadi.