Bugun, 24-sentabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining III xalqaro statistika forumi o‘z ishini boshladi. Tadbir “Xalqaro loyihalar – statistikaning harakatlantiruvchi kuchi” mavzusiga bag‘ishlangan.
Forum Ozarbayjon Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi hamkorligida, Butunjahon statistika kuni munosabati bilan tashkil etilmoqda. Unda 15 mamlakat va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlardan yuqori darajadagi delegatsiyalar, shuningdek, ilmiy doira vakillari va ekspertlar ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasidan Milliy statistika qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya qatnashmoqda. Forumning birinchi kunida Milliy statistika qo‘mitasi raisi O‘zbekiston milliy statistika tizimini modernizatsiya qilish mavzusida taqdimot qildi.
Kun tartibida Milliy hisoblar tizimi 2025, Xalqaro taqqoslash dasturi – 2024, Aholi va uy-joyni ro‘yxatga olish – 2030 raundi, Barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi, tarmoqlararo va sohaviy statistik loyihalar, axborot texnologiyalari, statistik ma’lumotlarni integratsiya qilish va smart-ma’lumotlar, statistikada kompetensiyalarni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Forum 26-sentabrgacha davom etadi.