2021-yil 16-iyun kuni mamlakatimizda boshlangan Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga ko‘maklashish”  mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, YUNESKO, YUNISEF va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Umarov, BMT tomonidan har biri aniq va manzilli vazifalarni o‘z ichiga olgan “2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari” qabul qilingani va uning Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”dagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan birida belgilangan islohotlarning keng qamrovli dasturini amalga oshirishda muhim harakatlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi qayd etib o‘tdi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan fuqarolarning axborotga bo‘lgan huquqini amalga oshirishlarida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot oshkoraligini kuchaytirish hamda fuqarolarning asosiy erkinliklari himoyasini ta’minlash dolzarbligi haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda davlat xaridlari doirasida tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchilarni tanlash jarayonida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga imtiyozlar berishni taqiqlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali shartnomalar tuzishni keskin kamaytirish, “my.sud.uz” platformasini soddlashtirish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish sohasidagi hududiy davlat dasturlarini ishlab chiqish, Zo‘rlik hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarning faoliyatini moliyalashtirish, takomillashtirish, ularni mutaxassislar bilan ta’minlash, maxsus qo‘llanmalar va standartlarni ishlab chiqish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.

Yig‘ilish yakunida mas’ul vazirlik, idora va ekspertlar ishtirokida tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi.