2021-yil 23-iyun kuni Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, YEXHT Parlament assambleyasi Prezidenti Piter Lord Bauness, Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi Bosh kotibi Altinbek Mamayusupov, xorijiy mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari va a’zolari, Yoshlar parlamentlari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, NNT, OAV vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari an’anaviy va onlayn tarzda ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyovning tabrigi Oliy Majlis Senati Raisi  T. Narbayeva tomonidan o‘qib eshittirildi.

Muhtaram Prezidentimiz tabrigida qayd etganidek, O‘zbekiston tashabbusi bilan birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur forum global maqsadlarga erishishda parlamentlarning ishtirokini muhokama qilish, parlamentlararo hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun samarali muloqot maydoni bo‘ladi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi parlamentining yuqori palatasi Raisi T. Narbayeva forum davlatimiz rahbarining  BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risida BMTning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishga oid tashabbusi doirasida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

Barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishish hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, keyingi besh yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Xususan, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, ularga oid indiktorlarning tasdiqlangan, ularni amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan hamda tegishli “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

Natijada o‘tgan davr mobaynida deyarli barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni keyingi 5-10 yilda rivojlantirish istiqbollarini belgilovchi strategiya va kontseptsiyalar qabul qilinib, izchillik bilan amalga oshirilmoqda.  

Tadbirda o‘z tabriklari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Palamentlararo ittifoq bosh kotibi M.Chungong, BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi raisi M. Akram, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament assambleyasi raisi Piter Lord Bauness, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi bosh kotibi A. Mamayusupov, Osiyo Parlament Assambleyasi bosh kotibi Moxammad Rezo Majidiy, BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori X Freyzer va boshqa mehmonlar so‘zga chiqdilar.

Global forumda Yevropa parlamenti, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Latviya, Bolgariya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya, Tayland, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qirg‘iziston parlamentlari a’zolari hamda 30 nafardan ortiq xalqaro tashkilotlar ekspertlarining ma’ruzalari, taklif va tavsiyalari eshitiladi.

Xalqaro forumning asosiy tematik yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

•        Barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini ta’minlashda parlamentning roli;

•        Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish;

•        Barqaror rivojlanish maqsadlarining statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirish;

•        Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikning ishtiroki;

•        Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishida parlament nazorati, monitoring va baholashning ahamiyati;

•        Barqaror rivojlanish yo‘lida dunyo parlamentlari o‘rtasida xalqaro muloqot va global hamkorlikni rivojlantirish.